Texnikumlar

Texnikumlar

Tibbiyot kollejlari texnikumlarga aylantirilmoqda. Prezident qarori imzolandi
2020/2021 oʼquv yilidan boshlab 47ta tibbiyot kollejlari Аbu Аli ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari etib qayta tashkil etiladi va uning bitiruvchilari tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining 2-kursidan oʼqishini davom ettirish huquqiga ega boʼladi.

Oʼzbekiston Respublikasi prezidentining «Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qarori imzolandi.

Qaror tibbiy-sanitariya xodimlarini kasbiy rivojlantirish tizimini yaxshilash, sohada yetuk va chuqur bilimga ega kadrlarni zamonaviy taʼlim standartlari asosida tayyorlash, tibbiyot tashkilotlari, ayniqsa birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini professional mutaxassislar bilan taʼminlash, tibbiyot taʼlim muassasalari professor-oʼqituvchilarining mavqeini oshirish, shuningdek, 2019–2025 yillarda Oʼzbekiston Respublikasining sogʼliqni saqlash tizimini rivojlantirish kontseptsiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida qabul qilingan.

Prezident qaroriga koʼra, Sogʼliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligining 2020/2021 oʼquv yilidan boshlab 47ta tibbiyot kollejlarini Аbu Аli ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari etib qayta tashkil etish toʼgʼrisidagi taklifiga rozilik berilgan.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda texnikumlar faoliyatini samarali tashkil qilish boʼyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi Kompleks dasturni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda uning oʼz vaqtida va toʼliq amalga oshirilishini taʼminlaydi:

Аbu Аli ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarining moddiy-texnik bazasini yanada kuchaytirish, amaliyot xonalarini belgilangan normativlarga asosan jihozlash, oʼquv-simulyatsion auditoriyalarni tashkil etish;
valeologiya, tibbiy psixologiya, nutritsiologiya, dietologiya, farmakologiya, kineziologiya, reabilitologiya, profpatologiya fanlari chuqurlashtirilgan holda oʼqitilishini joriy etish hamda mazkur texnikumlarning oʼquv rejalari va fan dasturlarini ilgʼor xorijiy tajribalar asosida ishlab chiqish;
tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining yuqori malakali professor-oʼqituvchilarini jalb qilgan holda Аbu Аli ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida masofaviy taʼlim orqali dars mashgʼulotlarini oʼtkazish.

Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʼz sohasiga mos tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʼqishini davom ettirish huquqiga ega boʼladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan