Bugungi kunda har qadamda yuqori va sifatli bilimga ega boʼlmasdan turib, jamiyatning munosib kelajakka erisha olmasligi tan olib boʼlindi. Shu bilan birga, zamonaviy fan, madaniyat va informatika sohasida erishilgan katta imkoniyatlar bilan ularni jamiyat hayotiga tadbiq qilish oʼrtasidagi katta uzilish faqatgina bir davlatda emas, balki butun jahon miqyosida ham taʼlim sifati va darajasini oshirish va kengaytirish asosida bartaraf qilinmoqda. Shu sabab taʼlim jarayonida ilgʼor pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanish muhim bosqichga kirib ulgurdi.
Taʼlim texnologiyasida kompьyuterdan foydalanish darslarni samarali va unumli tashkillashtirishda muhim rol oʼynaydi. P.I.Serdyukov oʼz tadqiqotlari asosida kompьyuter texnikasi oʼquvchilarning kommunikativ faoliyatini modellashtirishini, oʼquvchi ijodiy faoliyatini faollashtirishini, maʼlum bir topshiriq va uning javobi asosida ulardagi qobiliyatni shakllantirishini taʼkidlaydi . Kompьyuter bazasiga kiritilgan mavzuga doir maʼlumotlardan foydalanish oʼquvchining bilimini yanada mustahkamlashga, qolaversa, ijodiy tafakkurining shakllanishi va dunyoqarashining kengayishiga yaqindan yordam beradi.
Maʼlumki, akademik litsey va kasb-xunar kollejlarida oʼquvchilarning matn bilan ishlash, iloji boʼlsa, mustaqil holda matn tuzish malakasini shakllantirishga eʼtibor qaratiladi, bu vazifa ona tili va ingliz tili oʼqituvchilari zimmasiga yuklatilgan. Biz tavsifiy matn asosida fikrimizni oʼrtoqlashmoqchimiz. Umumtaʼlim maktablari hamda akademik litsey va kasb-xunar kollejlari uchun nashr etilgan “Tilshunoslik terminlarining izohli lugʼati”da tavsifiy matnga quyidagicha taʼrif berilgan: “Soʼzlovchi yoki yozuvchi tomonidan bayon etilgan voqea-hodisa, narsa yoki shaxs tasviri, tavsifi yoxud xabar, maʼlumot bayoni. Mas., maqola, insho, xat kabi” . Odatda, tavsifiy matnlar monologik nutq asosiga qurilgan boʼladi va tabiiyki, oʼquvchining intellektual salohiyatini belgilashga, uning ijodiy tafakkurini shakllantirishga yordam beradi. Kompьyuter monitoriga tavsifiy matn turlari – maqola, insho, xat va ularning taʼrifi slayd asosida joylashtiriladi, ular asosidagi tabiat yoki hayvonot, maʼlum bir predmet yoki joy tasviri, oddiy yoki abstraktsionizm, modernizm koʼrinishidagi suratlar joylashtiriladi. Mazkur tasvirlardan birini oʼquvchi oʼzi tanlagan tur asosida tavsiflaydi. Bunda uning tasavvur imkoniyatlari ham reallashadi. Natijada tipik intravert, yaʼni qiyinchilik bilan muloqotga kirishuvchi, uyatchan, ogʼir, oʼz ichki dunyosiga koʼmilgan, auditoriyadan “uzilgan” bolalarning ruhiy dunyosiga kirib boriladi. Baʼzida shunday oʼquvchilar tanlagan va tavsiflagan tasvirlarda kuchli taxayyulotga berilish, alohida tanlangan boʼyoqdor soʼzlardagi maʼno va ijodkorlik kishini lol qoldiradi. U kompьyuter qarshisida oʼtirar ekan, bu “tilsiz suhbatdoshga” ishonadi, uni oʼziga yaqin oladi.
Matnda maʼlum bir tasvir obʼekti, yaʼni tasvirlanayotgan obʼektning dastlab birlamchi xususiyati tilga olinadi. Keyin unga aloqador xususiyatlar va qismlardan soʼz yuritiladi; oʼquvchi tasavvuri keng boʼlsa, u oʼz fikrini didaktika bilan bogʼlaydi. Fikr faqat til yordamida roʼyobga chiqar ekan, shuning uchun oʼqituvchi oʼquvchilarga undan qanday foydalanishni ham oʼrgatishi lozim. Tilni oʼrganish bu faqat tilning grammatik qurilishini bilish, qoida va taʼriflarni oʼzlashtirib olish degani emas, balki tilning boy imkoniyatlaridan foydalanib, fikrni ogʼzaki va yozma shakllarda toʼgʼri, ravon ifodalash malakalarini egallashni ham taqozo etadi.
Kompьyuter texnikasidan taʼlim jarayonida foydalanish pedagogik va psixologik, metodik nuqtai nazardan katta ahamiyatga ega boʼlib, oʼquv-tarbiya jarayonini faollashtiradi, ilmiy axborotning yangicha shaklda berilishi oʼquvchining diqqatini tortadi, koʼrgazmalilik uning tasavvur olamini boyitadi, oʼquvchi passiv tinglovchidan faol ishtirokchiga aylanadi, uning kompьyuter savodxonligi oshadi, mavzuning uzoq vaqt xotirasida saqlanishini taʼminlaydi.